Hozirgi kunda mobil aloqasiz hayotimizni tasavvur qilib bo'lmaydi. Tezlik bilan barcha ishlarimizni xal qilishda mobil aloqaning o'rni beqiyos. Lekin ushbu aloqa ham birdaniga hozirgi xolatiga yetib kelishi uchun ko'p vaqt ketdi. Bugungi sharhimizda O'zbekistonga mobil aloqaning kirib kelishi va uning rivojlanishi borasida tarixga nazar solamiz.
Mobil aloqa O'zbekiston mustaqilligi bilan teng desak xato bo'lmaydi. Zero 1991-yilning avgust oyida O'zbekiston hukumati qo'llovi bilan O'zbek-Amerika qo'shma korxonasi, "Uzdunrobita" tashkil topadi. Nafaqat O'zbekistonda, balki Markaziy osiyoda eng birinchi mobil operatori hisoblangan Uzdunrobita, MDH davlatlari bo'yicha ham birinchilardan hisoblanar edi. Oradan bir yil vaqt o'tib, 1992-yil avgustida kompaniya tijoriy faoliyatini boshlaydi. Ilk tijoriy qo'ng'iroqni O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom karimov amalga oshiradi.
Ilk operator analog standart, NMT 450 orqali o'z faoliyatini amalga oshirar edi. Bu hozirda 1G texnologiyasi oilasiga mansub standart sifatida ko'riladi.
Avval boshdan mobil aloqa narxi juda qimmat hisoblangan. Jumladan 1994-yilning 1-yanvar xolatiga ko'ra O'zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 224 donani tashkil qilgan. 1995-yilga kelib ushbu ko'rsatgich 823 tashkil qilgan.
1996-yili O'zbekistonda mobil yo'nalishida shijoatli yil sifatida ko'riladi. Sababi shu yili Uzdunrobita Toshkentdan tashqari boshqa viloyatlarda, jumladan Urganch, Buxoro, Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o'z faoliyatini kengaytiradi. Bundan tashqari yangi mobil operatorlari, Coscom, Daewoo-Unitel, Uzmacom, Buztel paydo bo'ladi.
Operatorlar soni oshishi o'z navbatida abonentlar soni o'sishiga ham turtki beradi. Jumladan 1997-yilning 1-yanvarida 9543 abonent mavjud bo'lgan bo'lsa, 1 yil o'tib, 1998-yilning 1-yanvar xolatiga ko'ra ushbu ko'rsatgich 21555 tani tashkil qilgan. Operatorlar tomonidan tariflarning pasayishi ham o'z so'zini aytadi. 1995-yilda 100 daqiqa qo'ng'iroq vaqti 105$ baholangan bo'lsa, 2000-yilning so'ngiga kelib ushbu ko'rsatgich 20$ gacha tushadi.
Bu orada Uzdunrobita NMT 450 standartidan avval AMPS ga, so'ngra D-AMPS ga o'tadi (AMPS 1G oilasi, D-AMPS esa 2G oilasiga mansub). Uzdunrobitadan farqli ravishda boshqa operatorlar avval boshdan GSM (2G) standarti asosida faoliyat boshlashadi. Uzdunrobita esa biroz keyin ushbu ro'yhatga qo'shiladi.
2001-yilda CDMA (2G) standarti asosida o'z faoliyatini Perfectum Mobile boshlaydi. 2004-yil fevralida esa CDMA-450 standarti bo'yicha faoliyat yurituvchi yana bir operator, SkyTel paydo bo'ladi.
SkyTel bilan deyarli bir vaqtda O'zbektelekom ham o'z CDMA 450 tarmog'ini viloyatlarda sinashni boshlaydi. SkyTelda 30% ulushga ega O'zbektelecom barcha viloyatlardagi sinov qurilmalarini SkyTelga ijaraga beradi. Shu bilan Skytel juda arzon narxlar bilan bozorga kirib keladi. Lekin ko'plab texnik muammolar sabab SkyTel 2005-yilning fevral oyida o'z faoliyatini to'xtatadi. 1 yil davomida operator 9500 dan ziyod abonentni o'ziga jalb qilishga ulguradi.
O'zbekiston mobil operatorlari soni qisqarishi shu bilan tugamaydi. 2005-yilda rossiyaning Alfa-Group kompaniyasi Buztel operatori 100% aksiyasini, 2 oy o'tib esa Uzmacom operatorining 74% aksiyasini sotib oladi. Qolgan aksiyalarni O'zbektelekomdan sotib olish bo'yicha ishlar besamar yakuniga yetadi. Shu sababli Alfa-Group bor e'tiborini eng muammoli bo'lgan Buztelga qaratmoqchi bo'ladi. Lekin ikki quyonning ortidan yugurish sababli, ancha sifatli bo'lgan Uzmacom litsenziyasi tugatilishiga sababchi bo'ladi. O'zbekistondan chiqib ketish arafasida Alfa-Group o'z aktivlarini o'zining sho'basi bo'lgan Vimpelkomga berib ketadi.
2005-yil yakunida O'zbektelecom SkyTeldan qolgan hamda o'zi tomonidan tashqi kompaniya qurilmalarini jalb qilgan xolda Uzmobile filialini tashkil qiladi va viloyatlarda CDMA 450 standarti asosida mobil aloqa xizmatlarini taqdim etishni boshlaydi.
Darvoqe, 2005-yilning noyabr oyida O'zbekistonda mobil abonentlar soni bir millionga yetadi.
2006-yilda Uzdunrobitani rossiyaning MTS, Unitel komaniyasini esa Beeline kompaniyalari sotib oladi va katta rebrending amalga oshirishadi.
Shundan so'ng operatorlar o'rtasida haqiqiy texnologik poyga boshlanib ketadi. Narxlar sezilarli arzonlashadi.
Orada Coscomni Telia Sonera sotib oladi va brend nomi Ucell ga o'zgaradi.
2007-yilda O'zbekistonda 3G standarti asosidagi aloqa tarmog'i ish boshlaydi.
2012-yilda MTS-O'zbekiston faoliyatida ko'plab qonunbuzarliklar aniqlanadi va faoliyat olib borishni ta'minlovchi litsenziyadan maxrum qilinadi. 2013-yilda esa MTS-O'zbekiston bankrot deya e'lon qilinadi va eng katta abonentlar bazasiga ega kompaniya tarixga aylanadi.
Aloqasiz qolgan abonentlar boshqa operatorlarga ko'chib o'tishadi. O'z navbatida bunday katta oqimni birdaniga qabul qilishga tayyor bo'lmagan operatorlarda ham sifat pasayishi kuzatiladi. MTS-O'zbekistondan qolgan qurilmalarning barchasi saqlash uchun O'zbektelekomga beriladi. Bozordagi xolat rivojlanishni keskin sekinlashishiga ham olib keladi. Darvoqe, bunday xolat insonarlni ikki turli operatorlardan sim karta tutishni odatiy xolga aylanishiga ham sababchi sifatida ko'riladi.
2014-yilda MTS O'zbekiston hukumati bilan kelishuvga erishadi va MTS-O'zbekistondan qolgan qurilmalar asosida yangi UMS kompaniyasini tashkil qilishadi. Ana shu xolat bozordagi texnologik va tariflar bo'yicha rivojlanishni yana avvalgidek tezkor xolatga qaytaradi.
Bu orada 2015-yilda Uzmobile GSM yo'nalishida ham o'z faoliyatini boshlaydi.
2016-yildan deyarli barcha operatorlar o'z tarmoqlarida 4G texnologiyasini tatbiq eta boshlaydilar.
2022-yildan esa 5G tarmog'i texnik sinovdan o'tkaziladi va 2023-yildan tijoriy faoliyat bo'yicha operatorlar o'z xizmatlarini kengaytirishadi.
Virtual operatorlar davri
2020-yilda O'zbekistonga yangi operator kirib keladi. Humans, bir qarashda odatiy yangi operatordek. Lekin Uztelekomning mavjud ba'zalari asosida ishlaydigan operator o'zining birorta baza stansiyasiga ega emas. Ya'ni boshqa operator qurilmalarini kelishilgan xolda ishlatadi.
2023-yilda yana bir virtual operator, OQ paydo bo'ladi. Lekin OQ Beeline kompaniyasining sub brendi va ular ijarachi sifatida ishlashmaydi.
2023-yilda Perfectum ham o'zini yangi standart asosida qayta qurishni rejalashtirgandi. Hozirda ular Yevropaning yirik Vodafone kompaniyasi bilan kelishuvga erishib, yil oxirigacha 5G-Advanced texnologiyasini tatbiq etish arafasidalar.
Yuqorida yozilgan mobil tariximiz qisqacha shundan iborat edi. Agarda ba'zi muhim jihatlar yoki sanalar yoddan chiqqan, bir oz xato bilan yozilgan bo'lsa, sizdan iltimos, izohlarda bu haqida yozib ketsangiz. VoLTE, VoWifi kabi yangi texnologiyalar sizga qanday imkoniyatlar olib kelgani, kelajakda yana nimalarni kuyatoganingiz haqida ham o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashishni unutmang.
Izohlar