MOBIUZ savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi UMS kompaniyasi, o’z abonentlari uchun eSIM xizmatini taqdim etishni boshladi.
19-apreldan e'tiboran abonentlar savdo ofislarida smartfonlari imkoniyatiga qarab oddiy yoki eSIM elektron sim karta sotib olishlari mumkin bo’ladi. O'z-o'zidan savol paydo bo’lishi mumkin: eSIM o’zi nima va uni oddiy sim kartalardan nima farqi bor?
eSIM – bu raqamli sim karta bo’lib, u orqali abonent raqami va unga bog’langan kerakli tarif rejasini bir zumdayoq smartfoningizda aktivlashtirish mumkin. Avvalgidek oddiy sim kartani smartfon maxsus slotiga joylashtirishga xojat qolmaydi.
eSIM ishlatishning qulayliklari:
- Xorijga safar qilganingizda, siz bemalol vaqtinchalik ishlatish uchun mahalliy mobil operatori eSIM kartasini xarid qilishingiz va uni aktivlashtirishingiz mumkin. Bu o’rinda smartfoningiz slotida doimiy sim kartani olib tashlash shart emas. Bor yo’g’i sozlash bo’limidan oddiy sim kartani o’chirib qo’yishingiz va eSIMni aktivlashtirishingiz mumkin.
- Bir smartfonda o’nga yaqin eSIM kartasini aktivlashtirgach, ularni almashtirib ishlatish imkoniyati mavjud. Ushbu imkoniyat tez-tez bir necha xorij davlatlariga safar qiluvchi insonlarga as qotadi.
- Smartfoningizda ortiqcha sim slotini band qilmasligi. Ommabop Android smartfonlarida ikki sim kartadan foydalanish imkoniyati mavjud. Lekin ba’zi smartfonlarda ikkinchi sim karta sloti doimiy xotira karta sloti bilan birlashtirilgan bo’ladi. Ya’ni, yoki xotira kartasi yoki ikkinchi sim kartadan birini tanlashga to’g’ri keladi. Ana shu pallada eSIM sizni qiyin tanlov qabul qilish majburiyatidan xalos etadi.
Kamchiligi: eSIMni siz oddiy sim karta singari boshqa smartfonga osongina o’tqiza olmaysiz. Avval avvalgi qurilmadan eSIM profilini o’chirishingiz, so’ng operator tomonidan taqdim etilgan QR kodni boshqa smartfonda qayta skaner qilgan xolda aktivlashtirishingiz kerak bo’ladi. QR kodni doimo yoningizda olib yurmasligingiz extimoli juda katta va aniqki vaqt o’tishi bilan uni yo’qotib qo’yishingiz ham mumkin. MOBIUZ hozircha bir martta faollashtirish mumkin bo’lgan QR kod taqdim etmoqda. Keyinchalik ko’p marttalik QR kodlar ham taqdim etilishi mumkin. Bu borada hozirda amaliy sinov ishlari olib borilmoqda.
Yana bir kichik kamchilik, bir vaqtda ikki eSIM karta raqamidan foydalana olmaysiz. Bu hozircha smartfon ishlab chiqaruvchilar tomonidan cheklov. Kelajakda ishlab chiqaruvchilar bir vaqtda ikki eSIM raqamidan foydalanish imkoniyatni smartfonlarda tatbiq etishar. Buni vaqt ko’rsatadi.
Ma'lumot uchun: iPhone smartfonlari asosan bir sim karta bilan ishlay oladi. Lekin iPhone XS modelidan boshlab, bir dona oddiy va bir eSIM sim kartalarini bir vaqtda ishlatish imkoniyati mavjud. Shu sababli eSIM ko'proq iPhone egalari uchun uzoq kutilganhaqiqiy hush xabar desak, xato bo'lmaydi.
eSIM qo’llovchi smartfonlar:
iPhone XS va undan keyin ishlab chiqarilgan versiyalar
Samsung S20, Note 20, Z Flip, Z Fold va undan keyin ishlab chiqarilgan versiyalar
Huawei P40, Mate 40 va undan keyin ishlab chiqarilgan versiyalar.
Izohlar