HyperX - Alloy Elite klaviaturasi

Kinkgston kompaniyasining HyperX brendi geymerlar uchun maxsus Alloy Elite klaviaturasini taqdim etdi.


Ushbu klaviaturani HyperX brendining O'zbekistondagi hamkori tanishib chiqish uchun bizga taqdim etishdi. Quyida klaviatura haqidagi qisqa videoni ko'rishingiz, yoki matnli sharhimizni o'qib chiqishingiz mumkin.

 

Eng avvalo Alloy Elite klaviaturasining ko'zga tashlanuvchi va boshqa klaviaturalardan ajralib turuvchi farqi, uning maxsus svetodiod chiroqli tugma osti yoritgichlari haqida to'xtalib o'tsak. Yoritgich chiroqlar brendning asosiy qizil rangida tuslanib, qorong'iroq xonada klaviaturadan foydalanish jarayonini o'zgacha hissiyotni keltirib chiqaradi.

Klaviatura yuqori chap qismida uchta maxsus tugmalar mavjud bo'lib, ular yordamida tugma osti yoritgichlarni boshqarishingiz mumkin. Ya'ni yorug'lik miqdorini boshqarish, turli effektlarni o'chirib yoqish mumkin.

Yuqori o'ng qismida esa musiqa va audioni boshqarish, ovozni tezkor o'chirish tugmalari hamda ovozni baland yoki past holatga keltiruvchi kattagina g'ildirakcha mavjud.

Ana endi klaviatura tugmalari haqida to'xtalib o'tamiz. Mexanik tugmalar CHERRY® MX uslubida ishlangan bo'lib, ishlash davri uzoq muddatni tashkil qiladi. Klaviaturaning ishlash muddati uzoqligiga, uning ramasini butun metal asosga egaligi bilan ham bog'lash mumkin. Shu sababli klaviaturaning massasi oddiy klaviaturalarga nisbatan bir muncha og'irroq.

Klaviatura yuqori qismida USB 2.0 porti mavjud. Ushbu portga ta'bingizga ko'ra sichqonchani yoki boshqa qurilma va simlaringizni ulashingiz mumkin.

Darvoqe, o'yin paytida asosiy boshqaruv tugmalarini boshqalaridan yaqqol ajratib olishni osonlashtirish maqsadida, klaviaturaga qo'shimcha sakkizta kulrang tugma qo'shib beriladi. Maxsus qisqich yordamida W, A, S, D va 1, 2, 3, 4 raqamli tugmalarni almashtirishingiz mumkin. Kulrang harfli tugmalarning barchasining satxida qo'shimcha maxsus plastmassa qoplama mavjud bo'lib, ushbu bo'rtiqlar yordamida o'yin jarayonida barmoqlaringiz boshqa tugmalarni adashtirib qo'ymasligi aniq.

Hullas, HyperX Alloy Elite klaviaturasi haqida gapirsa gap ko'p. Klaviaturadan bir necha soat foydalangan inson, boshqa qaytib oddiy klaviaturalarni ishlatgisi, hattoki ularni otib yuborgisi keladi. Umuman ushbu klaviaturani tavsiya qilishdan cho'chimaymiz. Zero bunday klaviaturalar hech qachon uyaltirib qo'ymasligi aniq.

 

P.S.: Alloy Elite klaviaturasini tanishib chiqish uchun taqdim etgan HyperX kompaniyasi, markaziy osiyo bo'limi barcha hodimlariga o'z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив