Zamonning so'nggi ixtirolariga endigina ko'nikayotganimizda, ixtirochilar va turli kompaniyalar o'zlarining yangidan-yangi qurilmalari bilan bizni lol qoldirishda davom etishmoqda. Tasavvur qiling, ortingizdan chunarsiz ko'k rangdagi sharsimon jism sizni ta'qib qilmoqda...
Qo'rqmang, u sizga ziyon yetkizmaydi. Aksincha og'iringizni yengil qilishni o'ziga maqsad qilgan va ortingizdan o'zi chalg'imay, yo'ldan adashmay yuradi.
Ochig'i bu yangi ixtironi ko'rganimdan so'ng, o'tgan yili taqdim etilgan o'zi yurar chemodan yodimga tushdi. Uning vazifasi ham inson og'irini yengil qilishdan iborat. Faqat chemodanni o'zingiz boshqarishingizga to'g'ri kelar edi.
Bugungi qaxramonimiz Gita esa, aksincha ko'plab sensor va qurilmalari yordamida o'zi sizning ortingizdan yuradi va to'siqlarni aylanib o'tadi.
Balans tizimi ushbu qurilmani qiyalikda ham o'zini tutib turishga yordam beradi. Piaggio kompaniyasining Gitaga joylashtirgan elektromotorlari ushbu sharsimon jismni 35km/soat tezlikgacha olib chiqa oladi. Velosipednikiga o'xshash maxsus pokrishkalar qurilmani deyarli barcha yo'l qatlamlarida yurishga imkon yaratadi.
Navigatsiya va to'siqlarni aniqlash tizimi yanada yaxshiroq ishlashi uchun alohida maxsus kamerali kamar ishlab chiqilgan bo'lib, uni qurilma egasi taqib yurishi lozim. Bundan tashqari kamar yordamida atrofning uch o'lchamli xaritasini tuzishda ham foydalaniladi. Bu xarita esa Gita uchun oldinda uchrashi mumkin bo'lgan to'siqlardan bohabar qiladi va uni aylanib o'tish uchun yordam beradi.
Endi eng muhim jihatlarga to'xtalib o'tsak. 18 kg og'irlikdagi yuk ko'tarish imkoniyatiga ega qurilma, turli sensorlar yordamida uning xavfsizligi haqida ham bosh qotiradi. Maxsus eshik faqatgina qurilma egasining barmoq izi bilangina ochiladi. Bu esa sayrga qadrli narsalaringizni ham olib chiqishga imkon yaratadi.
Piyodalar chorraxasida Gitani sezmay qolmaslikning iloji bo'lmaydi. Sababi unda turli chiroqli diodlar, karnay va uncha katta bo'lmagan ekran joylashtirilgan. Bu esa botning o'zi shahar bo'ylab sayr qilish imkonini yaratadi.
O'ylashimcha archa kabi yarqiragan sharni yakka o'zi yurganiga ko'p ham guvox bo'lmagan bo'lardik. Zero bizning sharoitda u tez orada yangi xo'jayinga ega bo'lardi :)
Hozircha qurilma qachon sotuvga chiqishi va uning narxi borasida hech qanday ma'lumot yo'q.
Hullas, bizning hayotimiz borgan sari robotlashib bormoqda. Ko'plab ishlarni robotlar o'z bo'yniga olgan holda, inson uchun ko'proq bo'sh vaqt paydo bo'lishiga olib kelmoqda. Bu ketishda fantastik filmlar yaqin orada oddiy holatga aylanib qolishi ham hech gap emas...
Izohlar